Rahimjon Otaev (Otauli)
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bu maqola vikifikaziya qilinishi kerak. |
|
Iltimos, bu maqolani vikipediya qoida va yo'llanmalariga muvofiq bezang. |
Otauli (Rahimjon Otaev) (1949) - O’zbekiston davlat mustaqilligi yillarida faol ijod qilayotgan taniqli adib, tarjimon, publitsist va munaqqid. U 1949 yilda Chimkent viloyatining Turkiston tumanidagi Chipon qishlog’ida tug’ilgan. 1973 yilda hozirgi O’zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. O’rta maktabda o’qituvchi, O’zbekiston Xalq ta’limi vazirligida uslubchi, Respublika Matbuot va axborot agentligida maslahatchi muharrir bo’lib ishlagan. 1983 yildan buyon O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qiladi.
Otaulining “Osmon to’la yulduzlar” falsafiy essesi, “Surnay navolari” qissalar va turkum badialar to’plami, “Tilsim (Turkiston dostoni)”, “Elchi (Afandi o’lmaydigan bo’ldi)” nasriy dostonlari nashr etilgan. Gazeta-jurnallarda yozuvchining ko’pgina qissalari, hikoyalari, badialari, publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalari e’lon qilingan. Eron adibi Muhammad Ali Jamolzodaning “Sho’robod” asarini – rus tilidan, Muxtor Mag’avinning “Tiriklik qo’shig’i” va Abish Kekilboevning “Poygato’riq” qissalarini – qozoq tilidan, To’lepbergen Qaipbergenov va Ollonazar Abdievning bir qator asarlarini – qoraqalpoq tilidan o’zbek tiliga tarjima qilgan.
Yozuvchi 1984 yilda “Eng jumboq tuyg’u” publitsistik maqolasi uchun “Sharq yulduzi” jurnalining yillik mukofoti, 1995 yilda “Tilsim (Turkiston dostoni)” asari uchun O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Alp Jamol mukofotiga sazovor bo’lgan. 2000 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Yozuvchi haqida quyidagi vebsahifadan qo'shimcha ma'lumot olishingiz mumkin: http://faruhjon.narod.ru
Contents |
[tahrir] Asarlardan parchalar
[tahrir] Tarjimai hol
Jahon adabiyoti va fanida tarjimai hol yozish bobida ko’pdan-ko’p ibratli tajribalar to’plangan. Chunonchi, “Turkiston elining shayhulmashoyihi” Ahmad Yassaviyning o’z umr yo’lini yilma-yil bayon qilib yozgan hikmatli satrlari va yo o’zbek xalqining chinakamiga bulbuligo’yo baxshisi Ergash Jumanbulbul o’g’lining “Tarjimai hol (Kunlarim)” dostonini ko’pchilik yaxshi biladi. Buyuk ingliz tabiatshunosi Ch. Darvin va buyuk hind mutafakkiri J. Neruning “Tarjimai hol” asarlari oddiygina tarjimai holni ham betakror asar, qo’lga ilinadigan salmoqli kitobga aylantirish san’atining ajoyib namunalaridir. Mazkur tarjimai hol she’ru doston, ulkan asaru salmoqli kitob emas, allaqanday iddaoli bayonot ham emas, ixcham bayonnomami-izhornomagina, xolos. Har qalay u, sizda bir zahmatkash Yozuvchining ijodiy yo’li xususida aniq-ravshan tasavvur hosil qila oladi, degan umiddamiz... Rahimjon Otaev (Otauli) O’zbekiston davlat mustaqilligi yillarida nosir-Yozuvchi, publitsist-esseist, munaqqid va tarjimon sifatida faol ijod qilayotgan adiblarimizdan biridir. Uning anchagina mashaqqatli hayot yo’li va serqirra ijodiy faoliyati ayrim ibrat bo’larli jihatlarga egadir.. Toshkentdan Chimkent orqali qadimiy Turkiston shahriga borar bo’lsangiz, ming yillik o’zbek she’riyatining bir sarchashmasi bo’lmish mashhur “Devoni hikmat” kitobining muallifi, avliyolar sarvari, “shayxulmashoyix” va “Hazrati Sultoni orifin” deya ulug’lanuvchi Ahmad Yassaviy hazratlari abadiy qo’nim topgan bu qadimiy shaharga kiraverishda “Iqon” degan bir qadimiy qishloqdan o’tasiz. E’tiboringiz uchun, bu qishloqda XX asr o’zbek she’riyatining eng yorqin siymolaridan biri Mirtemir domla tavallud topganlar. Ahmad Yassaviy qabri ustiga Sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari qurdirgan muhtasham maqbarani tomosha qilib, tegishli ziyorat va tilovatdan so’ng ruhingiz allanechuk tiniqlashib, ko’nglingiz ravshan tortib, Qoratovga olib boruvchi qirq chaqirimlik yo’lga chiqsangiz, yo’l boshidagi “Koriz” deb ataluvchi mo’’jaz bir qishloqcha – bugungi kunda Turkiston shahrining tarkibiy qismiga aylanib ketgan bu zaminda hozirgi o’zbek bolalar adabiyotining yorqin namoyandasi, qardosh qozoq va qoraqalpoq adabiyotlarining ulkan tarjimoni Nosir Fozilov tug’ilib o’sgan, agar bilmasangiz bilib qo’ying! Qoratovga boruvchi qirq chaqirimlik yo’lning qoq belida yana bir qadimiy qishloq bo’lib, u qadimda Qarnoq, bugungi kunda esa, Otaboy deb ataladi. Bu qishloqda, bilasiz, albatta, ayniqsa, o’zining “Ulug’bek xazinasi” va “Diyonat” romanlari bilan o’zbek adabiyotining olamshumul dovrug’iga yangi dovrug’ qo’sha olgan atoqli adibimiz, XX asr Turkiston adabiyotining bir faxri-iftixori Odil Yoqubov tug’ilib o’sgan! Bugina emas. Xudo beraman desa qo’sha-qo’sha beraverar ekan, “Yassaviyning so’nggi safari” tarixiy romani bilan millionlab kitobxonlarimiz mehrini qozongan Yozuvchi Sa’dulla Siyoev bilan bir paytlar “Oqsoy” romani, ko’pgina qissa, hikoya va ocherklari bilan mashhur bo’lgan Yozuvchi Sunnatulla Anorboev ham ayni shu qishloqda tug’ilgan! Hozirda Turkiston shahriga qo’shilib ketgan Koriz qishlog’i bilan Otaboy qishlog’i o’rtasidagi yigirma chaqirimlik yo’lda qadimiylikda ulardan mutlaqo qolishmaydigan tag’in uchta qishloq bor. Qorachiq qishlog’ida 1924 yilda Manzura Abdujabborova degan bir qizaloq, Yugnak qishlog’ida esa, 1920 yilda Egamberdi Otaev degan bir o’g’il, shu ikki qishloqning qoq o’rtasidagi Chipon deb ataluvchi qishloqda esa, 1949 yilning 3 aprelida shu ona va shu otadan bir farzand tug’ilgan bo’lib, uning ismi Rahimjon, familiyasi Otaev, adabiy taxallusi esa, Otaulidir. U bolajon o’zbekning bir oilasidagi to’qqiz farzandning uchinchisi bo’lib dunyoga keldi: 1945 yilda Hakimjon akasi, 1947 yilda Anvara opasi, 1955 yilda Dilbar singlisi, 1953-1964 yillar miyonasida Karimjon, Murod, Maqsud, Ma’ruf va Orif ukalari tug’ilganlar. Rahimjon Otaev (Otauli) 1965 yilda – o’n olti yoshida otasidan judo bo’ldi. Ko’p yillar boshlang’ich sinf o’qituvchisi bo’lib ishlagan otasi, qolaversa, o’zining ham savodini chiqargan birinchi muallimidan ayrilish o’spirin ruhida muayyan burilish hosil qildi. O’shanga qadar matematika olimpiadalariga qatnashgan, musiqa va tasviriy san’atga alohida ishtiyoq bildirgan, hatto 1964 yilda otasi bilan Toshkentdagi Benkov nomli rassomchilik bilim yurtini “birrov ziyorat qilib qaytgan” Rahimjon o’zi ham kutmagan holda “Turkistonda mashhur shoir” sifatida tuman ro’znomasida dastlabki she’rlarini peshma-pesh e’lon qila boshladi. Shulardan biri “Yig’lagan ota”, yana biri “Yassaviy maqbarasi” deb ataladi. O’tgan asrning oltmishinchi yillari o’rtalarida Turkiston tuman ro’znomasida bosilib chiqqan bu she’rlar shahdi quyoshga etgulik, lekin o’zi erga kirgudek o’n etti yashar etimning qattiq jumbushga kelgan qalb tug’yonlari ifodasi edi.... Lekin matematikaga bo’lgan ishtiyoq aksariyat qarindoshlari matematika fani o’qituvchilari bo’lgan o’spirinning qonida bor va u boshqa ishtiyoqlardan kuchliroq ekan, 1966 yilgi mash’um zilziladan keyingi Toshkentga o’qigani kelgan Rahimjon Otaev hozirgi O’zbekiston milliy universitetining filologiya fakultetiga emas, matematika fakultetiga hujjat topshirdi. Forobiy ko’chasidagi bir xonadonda ijarada turar ekan, kutilmagan bir tarzda 1966 yilning 10 iyulida atoqli shoir G’afur G’ulomning dafn marosimida qatnashib, unda tilsiz-zabonsiz Oybekni va tili biyron ne bir Yozuvchiyu shoirlarni qadamlar bilan o’lchanuvchi masofada turib tirik holda ilk bora ko’rdi... Hoynahoy ayni shu kutilmagan “zilzila” sabab shoirlikdan ham, matematika fakultetining kechki bo’limida o’qishdan ham butkul voz kechib, Turkistonga qaytdi. Bir yillik yo’l qidirish, ikkillanish, izlanishlar nihoyasida tag’in Toshkentga kelib, 1967-1973 yillarda universitetning filologiya fakultetida, kechki bo’limda o’qidi, ayni chog’da, zilziladan keyingi Toshkent qurilishlarida betonchi-armaturachi bo’lib ishladi, 1968-1973 yillarda esa, Til va adabiyot ilmiy tekshirish instituti folklor bo’limining laboranti sifatida adabiyotshunoslik fani, Xodi Zarif, Muzayyana Alaviya, Ergash Rustamov va boshqa atoqli adabiyotshunos olimlar hamda ularning ilmiy ishlari bilan yaqindan tanishdi. Ikkinchi kursda “Ravshan” dostoni, uchinchi kursda Mashrab ijodi, to’rtinchi kursda Rabindranat Tagor falsafasi haqida kurs ishi yozdi. “Murodxon” dostoni to’g’risidagi dastlabki ilmiy maqolasi birinchi ustozi To’ra Mirzaev tahriri ostida 1971 yilda taniqli olimlarning nufuzli bir jamoa to’plamida bosilib chiqqanida u yigirma ikki yoshda edi! 1973 yilda universitetning filologiya fakultetini bitirar ekan, etika va estetika kafedrasida atoqli xalq baxshisi Ergash Jumanbulbuldan yozib olingan dostonlardan iborat besh jildlik “Bulbul taronalari” majmuasi asosida “Romantizmning estetik mohiyati” degan mavzuda diplom ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. Mazkur ilmiy ishning rahbari ahloqshunos faylasuf Anvar Abdusamatov, rasmiy opponenti taniqli faylasuf olim Haydar Aliqulov, norasmiy opponent sifatida muhokamada qatnashgan olimlardan biri akademik Baxtiyor Nazarov edi... Yigirma to’rt yoshida Shunday murakkab mavzudagi diplom ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan, ilmiy maqolalari etarlicha e’lon qilingan, Til va adabiyot institutidek ulkan ilmiy dargohda ishlab, minimumlarni topshirib, nomzodlik ishini yozishga ruhan shay bo’lib turgan yigit, agar faqatgina o’zini va ilmiy ishini o’ylaganida, uzog’i uch yilda nomzodlikni himoya qilishi muqarrar edi. Birinchi ustozi To’ra Mirzaev “Shunday ilmiy dargohni tashlab Iqoniga ketib qolgan birinchi shogirdim Farhod Rahimovning o’rniga seni menga xudo etkazdi” deya qanchalik suyunar edi. Lekin u, To’ra Mirzaev ta’tilga ketgan chog’ida universitet diplomini qo’lga olgan zahoti o’zining kelajagini emas, qishloqdagi oyisi, akasi, opa-ukalarini o’ylab, imi-jimida ishdan bo’shab, Turkistonga qaytdi. Bir necha oy Turkiston tuman ro’znomasida adabiy xodim va tarjimon bo’lib ishladi. Yilchi sifatida Turkistondan harbiy xizmatga chaqirilgan yigirma nafar tengdoshlari qatorida poezdda to’qqiz kecha-kunduz yo’l yurib, Yapon dengizi sohilida joylashgan Naxodka porti yaqinidagi bir polkka borib tushdi. “Rus tilini suv qilib ichib yuborgan olim” sifatida polk shtabida pisar (o’zbekcha – mirzo, arabcha – munshiy) qilib olib qolishmoqchi edilar, o’zicha isyon ko’tardi: “Olti yil universitet bilan institutda rosa pisarlik qildim, meni Shunday bir joyga jo’natingki, toki xizmat xizmatdek bo’lsin!” “Talablarga muvofiq” Shunday bir chakalakzorga jo’natildiki, doimiy harbiy tayyorlikda turgan divizionning yadro zarrasi bor raketani uchirish uskunasiga joylashtirish murvatini bilak kuchi bilan burovchi “birinchi raqam” sifatida jami yuzdan ortiq urishqoqlar,.o’zidan besh-olti yosh kichkina “oqsoqollar” iskanjasida yolg’iz qoldi. Kaltaklarning alam-achchig’ini murvat burashdan oldi. Tutqichni tutamlab turib shunaqanggi aylantirdiki... nizomda belgilangan vaqt ko’rsatkichini qariyb yarmiga qisqartirib, namunaviy raqam sifatida Vladivostokdan Volgogradga qadar jamiki sinov maydonlarini qadam-baqadam kezib chiqdi! Atigi bir yilning qoq yarmida dam poezdda, dam samoletda, dam avtobusda qariyb qirq ming chaqirim yo’l bosdi... “Yurgan – daryo, o’tirgan – bo’yra” deya bilib aytgan mashoyixlar. O’tirganida yo polk shtabida, yo institut bo’limida mudrab o’tiravergan bo’larmidi. Axir bo’yradan ham, po’stakdan ham hech qachon jiddiy Yozuvchi chiqmagan, chiqmaydi ham! Jiddiy Yozuvchi erga urganlari sayin baayni sherdek na’ra tortib ko’kka sapchiydigan, tinib-tinchimaydigan, mashaqqatlardan qo’rqmaydigan, ko’pni ko’rgan – ko’pgina vaziyatlardagi ko’pdan-ko’p ruhiy holatlarni yuragidan, jonidan va qonidan kechirgan odamdan chiqadi. Tabib tabib emas, boshidan o’tkazgan tabib deydilar. Yozuvchi esa, ta’bir joiz bo’lsa, inson ruhining tabibidir. Ha, chinakam Yozuvchi ko’p yurishi, ko’pni ko’rishi, ko’p narsani bilishi kerak. Lekin R. Otaev bir yillik harbiy xizmatdan qaytib, Turkiston shahri bilan Chipon qishlog’i o’rtasidagi o’n ikki chaqirimlik yo’lda uzzukun zuv qatnar ekan, tez orada dil-dildan amin bo’ldiki, bunday sarsonlik-sargardonliklardan tuzukroq bir ish chiqishi amrimahol! Garchi tuman ro’znomasining bir sonini – oshiqona she’rlari, bir sonini – hikoyasi, yana bir sonini – maqolasi tuppa-tuzuk “obod qilayotgan” bo’lsa-da, uning samarasi... Namoz o’qib topgan savobing isrof qilgan tahorat suvingga arzimaydi deganlaridek... Bir necha oylik qatnovdan so’ng samarasi kam ishdan voz kechib, otasi qilgan ishni qilishni har jihatdan ma’qul ko’rdi: otasi ishlagan Chipon sakkiz yillik maktabida o’zbek tili-adabiyoti va rus tilidan dars berishga o’tdi. Biror yildan keyin o’qituvchi Hakimjon akasi uylanib, injener Karimjon ukasi politexnika institutidagi o’qishini bitirib kelgach, nihoyat, oilaviy sharoiti unga ko’ngli tusagan ishni qilish imkonini berdi. 1975 yilda Toshkentga qaytib keldi, lekin ikki yilcha avval o’zi namoyishkorona voz kechib ketgan Til va adabiyot institutiga qaytib ishga kirolmadi. Boshqa “yana-da kengroq maydonlar”ga ham talpinib etolmadi. Tag’in otasi qilgan ishni qilishga to’g’ri keldi. Chilonzor tumanidagi 200-o’rta maktabga o’qituvchi bo’lib ishga joylashdi. O’sha paytda Lenin nomi bilan ataluvchi bu maktab O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining tayanch maktablaridan biri bo’lib, unda estetika fani bo’yicha fakultativ mashg’ulotlar endigina joriy etilgan, lekin estetika fani bo’yicha respublikada etakchi mutaxassis bo’lmish vazir Said SHermuhammedovning bu tashabbusini qo’llab-quvvatlay oladigan o’qituvchi maktabda topilmay turgan ekan! Har ikki tomon uchun ham baayni tabib buyurgandek bir ish bo’ldi. Ikki mingdan ziyod o’quvchi ta’lim oladigan bu ulkan dargohning o’ziga yarasha kattagina qozonida qaynashdan tashqari “Turmush, hulq-atvor va mehnat estetikasi” degan bir o’quv qo’llanmasi, aniqrog’i, ilmiy- pedagogik risola, xullas, dastlabki ilmiy risolasini yozdi. Maktabda to’plangan bir yillik tajriba, estetika fani bo’yicha yoqlangan diplom ishi va bu risola qo’lyozmasini qo’sh kaftida tutib, 1976 yilning yozida Falsafa va huquq institutining o’sha paytdagi direktori, o’zi alohida ixlos qo’ygan Abu Nasr Forobiy falsafasi bo’yicha mamlakatimizdagi qariyb yagona yuksak malakali mutaxassis Muzaffar Xayrulllaevga yuzma-yuz keldi. O’sha vaqtda SHayxova mudiralik qiladigan etika va estetika bo’limiga laborant sifatida ishga olar bo’ldilar. Uch kunda maktabdan bo’shab, hujjatlarini saranjomlab kelsa, voajab, institutda ob-havo butunlay o’zgargan, nimagadir allaqanday tutun... Laborantlik o’rni ham nimagadir birdaniga yo’q bo’lib qolibdi. “YOtib qolguncha otib qol, urushda turish yo’q” deganlar. To’ppa-to’g’ri vazir Said Shermuhamedovning qabuliga kirib, dardini dasturxon qildi-da, Moskva va yo Sankt-Peterburgga maqsadli aspiranturaga yo’llanma so’radi. Vazir aytdiki, “Aspiranturaga imkoniyatimiz bo’lmayroq turibdi, lekin sizni estetik tarbiya masalalari bo’yicha uslubchi sifatida ishga olishimiz, ilmiy ishingizga shaxsan o’zim rahbarlik qilishim mumkin!” Buni qarangki, tag’in tabib buyurgandek bir ish bo’ldi. Vazirlikka qarashli Pedagogika ilmiy tekshirish instituti, qisqagina nomi bilan aytganda, “Pednauk”-“Pedakademiya” 30-yillarda dastlab tashkil etilganida Qozon universiteti kutubxonasining qoq yarmi shu dargohga ko’chirib keltirilgan ekan deng! Vazirlikning rus tilidagi “pisarlik” yozishmalaridan vaqt orttira olgan paytlarida shu boy kutubxonaga baayni tanda qo’yib yotib oldi. Uch yil mobaynida qadimiy yunon faylasuflaridan boshlab to hindi Radxakrishnan bilan Deshpande, nemis Freyd bilan Shopengauer, ingliz Darvin bilan rus Mechnikovga qadar yuzlab faylasuflarning insoniy tuyg’ular haqidagi ilmiy qarashlarini qoniga singdirishdan tashqari uch yuz sahifa hajmidagi “Tuyg’ular estetikasi” degan ilmiy tadqiqotini yozib tamomladi. Mazkur ishning kichik bir tarkibiy qismi, masalan, 1976 yila mashhur “Guliston” jurnalining mashhur bosh muharriri Asqad Muxtorning shaxsan tahriri ostida “Sirli olam” degan ilmiy-publitsistik maqola sifatida chop etildi. Yana bir qismi – “Ruhiyatlar birligi” maqolasi shaxsan Odil Yoqubov tahriri ostida “Toshkent oqshomi” gazetasida bosilib chiqdi. Bular R.Otaevning ilk ilmiy-publitsistik, ilmiy-ommabop maqolalari, birgina ruscha atama va arabcha istiloh bilan aytganda, “esse”-“badia” janridagi dastlabki ijod namunalari edi. Uch yuz sahifalik ilmiy ishini o’zi rus tiliga tarjima qilish taraddudida yurganida, kutilmaganda O’zbekistonda estetika fani bo’yicha maxsus ilmiy kengash nimagadir birdaniga yo’q qilindi-qo’yildi... Men qilaman o’ttiz, egam qiladi to’qqiz! Buyoqda vazirlikdagi pisarlik ishlariga ko’milib ketayotgandek... Bechoraga ne chora bor?.. O’ylay-o’ylay tag’in bilganini qilishga majbur bo’ldi. “Tuyg’ular estetikasi” nomining o’rniga o’zi ixlos qo’ygan G’afur G’ulom she’rining yarim satri (“Osmon to’la yulduzlar”)ni qo’yib, tagiga qo’shimcha nom (“Tuyg’ular haqida suhbat”)ni qo’shib, ilmiy jumlalarga badiiy tus berib, ilmiy ishni essega aylantirdi-qo’ydi. Uni dastlab G’afur G’ulom nashriyotida bosh muharrir o’rinbosari bo’lib ishlab turgan yurtdoshi Odil Yoqubovga ko’rsatdi. Atoqli adib o’zicha jon kuydirdi: “Bunday cheki-chegarasi yo’q mavzuning ichida cho’kib ketadi-ku odam! Nima, joningiz po’latdanmi! O’z boshingizni o’ylasangiz-chi!..” Qo’lyozmani universitetdagi diltortar domlalaridan biri Norboy Xudoyberganovning uyiga olib borib berdi-da, o’zi Turkistonga bordi.U erda biror yil avval tanishib, tahririyatda birga ishlab, ko’ngil qo’ygani Dilbar degan bir qizga uylanib qaytdi. Buni qarangki, qizning otasi Turkistonning qadimiy Boboy qishlog’idan, onasi Savron qishlog’idan ekan...Toshkentga “boshi ikkita” bo’lib qaytgach, Norboy Xudoyberganovga sim qoqqan edi, yuraklarni allanechuk orziqtiruvchi javob qaytdi: “Asaringizga taqriz yozib, nashriyotga topshirib qo’ydim. Borib oling, ko’ring...” Bordi, oldi, ko’rdi. Taqrizmisan taqriz! ”Ilmiy kashfiyot darajasidagi asar” mazmunidagi eng baland baho! Norboy Xudoyberganovdek o’ta talabchan munaqqiddan chiqqanmi bu baho? Endi ishlar yurishib ketsa kerag-ov!.. 1978-1981 yillar mobaynida R. Otaev o’z boshi, oilasi – ikkinchi boshi, naqd o’ttiz yoshida ko’rgani yolg’iz o’g’li, uning uy-joyi, Vatanini ancha jiddiy o’yladi, o’ylaganini o’ylaganiga qo’shdi, ko’paytirdi... Lekin qo’lyozma jonivor... shu to’rt yil mobaynida Norboy Xudoyberganovning avj pardadagi maqtovi bilan birga qimir etmay yotaverdi. Azbaroyi shu qo’lyozmani qimirlatish maqsadida, nashriyotning o’ziga ishga kirolmagani, buyog’i rus tilidagi yozishmalarga ustasi farang bo’lib ketgani sababli, 1979 yilda “Goskomizdat” degan tashkilot (Hozirgi Matbuot va axborot agentligi)ga ishga kirishga hujjat topshirdi. Endi ish boshlayman deb turganida... rahmatli Erkin Boysinov bosh muharrir sifatida allanechuk zorlanib tushuntirdiki, TSKadan O’ktam Usmonov qo’ng’iroq qilibdi, Murod Muhammad Do’st degan bir yosh Yozuvchi Moskvadek joydan ayni shu joyga ko’z tikib kelayotgan ekan! Keyinchalik ma’lum bo’ldiki, o’sha yosh Yozuvchi aslida boshqa balandroq joylarga ko’z tikkan ekan, bu joyni esa, R. Otaev har gal kechikibroq xabar topaverdiki, Azim Suyun, Muhammad Rahmon va boshqa tengdoshlari obod qildilar. R. Otaev ham o’ziga etgulik qaysargina emasmi, to’rt yilcha kutib, 1981 yilda axiyri shu joyga etib keldi. Keldiyu eng shimarib biryo’la “sakkiz frontda” ish boshladi: avvalo “O’qituvchi” nashriyotidagi risolasi bilan G’afur G’ulom nashriyotidagi essesini baravariga harakatga keltirdi. So’ngra o’nlab nashriyotlarda peshma-pesh bosilib chiqayotgan yuzlab badiiy asarlarni bir chekkadan o’qib tushirib, taqriz qilib, shu asosda rus tilida o’zbek adabiyoti xususida bir necha turkum obzorlar tayyorladi. Ayni chog’da sirtqi aspiranturaga o’qishga kirib, Norboy Xudoyberganov rahbarligida “Hozirgi o’zbek qissalari tipologiyasi” mavzuidagi ikkinchi ilmiy ishini boshlab yubordi. Va nihoyat, besh-olti yillik tanaffusdan keyin o’zi ham favqulodda bir shiddat bilan hikoyalar, qissalar, badialar yozishga tushdi. Bor-yo’g’i ikki-uch yilning ichida “Qaytar dunyo” (keyinchalik bu asar nomini “Falakning gardishi” deb o’zgartirishga to’g’ri keldi) qissasi, “Qalb darchasi” kichik qissasi, “Shafqat”, “Munojot”, “Oltin olmalar”, “Bo’lajak Pushkinning akasi” va boshqa anchagina hikoyalarni yozib tashladi. To’g’ri, ularning barchasi keyichalik, to’rt-besh yilcha o’tibgina bosilib chiqdi. R. Otaevning hech bir nasriy asari bunday “tanaffus”siz chiqqan emas – “chig’iriqdan o’tkazish” uchun vaqt kerak edi-da, axir. Lekin ularning yozilish, tanqidiy maqolalarining esa, ham yozilish, ham bosilib chiqish shiddati havas qilgulik edi!.. Birgina 1982 yilda sanalgan va sanalmagan anchagina ishlardan tashqari “O’zAS” haftaligida “SHe’r qadri” degan qariyb bir sahifalik ilk tanqidiy maqolasi, “Toshkent haqiqati” gazetasida “Hayot chorrahasidagi yoshlar” degan ilk taqrizi (G’affor Xotamning “Qaytish” degan ilk qissasi haqida) va hakozo jami o’n ikkita adabiy –tanqidiy maqolalari yozilib peshma-pesh e’lon qilindi. SHu qadarki, sirtqi aspiranturaga birga hujjat va imtihon topshirgan Abdulla Ulug’ov astoydil ajablandi: “Bir yilda o’n ikkita tanqidiy maqola?.. Aspiranturada o’qib nima qilasiz?..” Nima qiladi, estetika bo’yicha qilgan ilmiy ishining dumi xurjunda bo’lganidan keyin... aqalli adabiyotshunoslik bo’yicha ilmiy ish qilib, fan nomzodi bo’ladi-da, shuniyam bilmaydimi bu yigitcha!.. Oradan yigirma to’rt yil (!) o’tganidan keyin endi jiddiyroq o’ylab qarasa, Abdulla Ulug’ovning bilgani bilgan ekan! 1983 yilning 25 avgustida Sarvar Olimjonovich Azimovning shaxsan taklifi va “Goskomizdat”dagi bevosita rahbari Ruben Akopovich Safarovdan shaxsan iltimosi bilan O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga tanqid va adabiyotshunoslik bo’yicha adabiy maslahatchi sifatida ishga chaqirildi. Ikki kundan keyin G’afur G’ulom nashriyotida marhum Vohid Zohidov raisligida tanqid va adabiyotshunoslik kengashining navbatdagi yig’ilishi bo’ldi. Yig’ilishdan chiqib surishtirsa, yarim hajmigina nashr rejasiga amal-taqal kiritilgan, erta-indin chiqadigan bo’lib turgan “Osmon to’la yulduzlar” essesining ikkinchi korrekturasidan “Eng jumboq tuyg’u” degan kattagina bir bob nashriyotga sezilarli moddiy zarar keltirilgan holda olib qolinibdi! So’rab-surishtirgan edi, ma’lum bo’ldiki, bu ishni bosh muharrir o’rinbosari bo’lib endigina ish boshlagan O’tkir Hoshimov qilibdi! Nega, nima maqsadda, endi shunisi etmay turuvdi... Kulishini ham, yig’lashini ham bilmadi. Xayolida Abdulla Oripovning bir quyma to’rtligi aylandi: Kulma, kulma, nega kulasan Hijolat chekkanning holiga? Nega qo’l uzatding kambag’alning O’g’rilardan qolgan moliga?.. Ana o’shanda “Esse degan “barrikada”ning Afandi taklif qilgan ikki tomonidan birini uzil-kesil tanlash kerak, shekilli?.” - degan xayolga bordi.. Bobning korrekturasini olib borib “Sharq yulduzi” jurnali publitsistika bo’limining mudiri Murod Xidirning qo’liga topshirdi. U “Sevgi, nikoh, oila va ajralish muammolari” degan qo’shimcha nom bilan jurnalning 1983 yil 12 sonida , “Osmon to’la yulduzlar” essesi bilan baravar bosilib chiqdi. Jurnalning yillik mukofoti bilan taqdirlandi. SHu orada Tanqid va adabiyotshunoslik kengashiga yangi rais sifatida tayinlangan Salohiddin Mamajonov maqolasini maqtay-maqtay bir orziqdi – bir orziqdi! “Qani endi olim yiliga bitta Shunday zo’r maqola yozsa!” Bu gapdan R. Otaev, tabiiyki, qattiq ajablandi: “Nega endi yiliga bittagina?! Axir, u bu maqolasini etti yilcha avval bir kecha-kunduzda yozib bitirgan edi-ku!..” “Sharq yuldluzi” jurnali bosh muharriri Pirmat SHermuhamedov ham o’z nomidan, ham Sarvar Azimov nomidan, hattoki Zulfiyaxonim nomidan maqtay-maqtay yangi maqolaga buyurtma berdi: “Xuddi shu maqolangizday “Nikoh” degan yana bir maqola yozib berasiz, uka!” “Yozish bo’lsa yozish-da!” deya ikki-uch kunda “Nikoh yohud baxt falsafasi” degan yangi maqolani yozib, oqqa ko’chirib topshirgan edi, bosh muharrir o’rinbosari Xudoyberdi To’xtaboev andak shashtidan tushirdi: jurnalda bu asarning qoq yarmi e’lon qilindi. Har qalay, siyohi qurimay peshma-pesh e’lon qilingan birinchi badiasi edi bu! Tanqid va adabiyotshunoslik bo’limida vaqtincha ishlab turgan Ikrom Otamurod ham “Erkin A’zamov portretiga chizgilar” yozib berishni buyurtma qiluvdi, “Dilrabo qo’shiqlar aytilaversin” degan bu “chizgilar” naq yashin tezligida, “Nikoh yoxud baxt falsafasi”ni hamortda qoldirib, jurnalning 1984 yilgi 2-sonda bosilib chiqdi. Ilk ko’klam kunlarida respublika yosh Yozuvchilar seminari bo’lib, undagi adabiy tanqid mashg’ulotlariga nafaqat ishtirok etdi, yakunlovchi mashvaratda kengash raisi Salohiddin Mamajonovning o’rniga axborot berdi. Roppa-rosa yigirma birinchi martda O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zo sifatida qabul qilindi. May oyida Moskvada bo’lib o’tgan sobiq ittifoq yosh Yozuvchilarining USH seminar-kengashiga O’zbekistondan Xayriddin Sultonov, Sharof Boshbekov, Qutlibeka Rahimboeva, Hamza Imonberdievlar qatorida yagona munaqqid sifatida qatnashib qaytdi. Vitaliy Ozerov, Leonid Ter-Akopyan, Kazbek Sultonovlar boshqargan tanqid mashg’ulotlarida qirg’izistonlik Kalik Ibraimov, qozog’istonlik Shuga Nurpeisova, ozarbayjonlik Samir Tagizoda va boshqa jami qirqqa yaqin yosh munaqqidlar qatorida qatnashib, Erkin A’zam, Tog’ay Murod, Murod Muhammad Do’st, Xayriddin Sultonov, Anvar Obidjon va G’affor Xotam ijodi tahlil etilgan rus tilidagi maqolasi (“Gorizontы poiska: problematika i xarakter”) “Drujba Narodov” jurnaliga tavsiya etildi. Bundan tashqari, o’zi apil-tapil rus tiliga tarjima qilib Moskvaga jo’natgan “Osmon to’la yulduzlar” essesi qo’lyozmasiga ajoyib rus olimi, “Tri vlecheniya” degan noyob esse muallifi YUriy Ryurikovning yozgan batafsil taqrizini qo’liga olib (yana bir erishgani shu bo’lib) Toshkentga qaytdi. O’sha yilning ikkinchi yarmida yana ikkita adabiy-tanqidiy maqolasi, chunonchi, so’z san’atining uch mezoni xususidagi “Teranlik, Kenglik, Yuksaklik” va yoshlar qissachiligi xususidagi “Qahramonning qismati – kurash” maqolalari oldinma-ketin “O’zAS” haftaligida e’lon qilindi. Maqtalib-maqtalib “Adabiyot va zamon”,”Haqiqat – ijod bayrog’i” jamoa to’plamlariga kiritildi. Nihoyat, o’sha 1984 yilning so’nggida qariyb uch yilcha harakatsiz yotgan ilk qissasi, nihoyat, harakatga kelib, “Yoshlik” jurnalida e’lon qilindi. Verter bo’lmasa-da, har qalay, shunga yaqinroq Hakimbek degan bir yosh faylasufning iztiroblari qalamga olingan bu qissa R.Otaevning respublika matbuotida yorug’lik ko’rgan birinchi nasriy asari edi!.. Shunday qilib, hisob-kitob qilamizki, R. Otaevning birinchi ilmiy maqolasi 22 yoshida, birinchi ilmiy-ommabop, ilmiy – publitsistik maqolasi 27 yoshida, dastlabki tanqidiy maqolasi 33 yoshida, ilk nasriy asari 35 yoshida bosilib chiqdi. Demoqchimizki, R. Otaev badiiy nasrga bir Yozuvchi uchun etarli darajadagi jiddiy tayyorgarliklar bilan keldi va, tabiiyki, keyingi yigirma ikki yil mobaynida yozganlari ham shunga yarashadir. 1985 yilning boshlarida “Nima qilmoq kerak” degan mashhur savol uning oldida jiddiy ravishda ko’ndalang bo’ldi. Birinchi ilmiy ishini-ku, qoq yarmini bo’lsa-da, esse tarzida chiqarib bir qadar eplashtirib oldi. Endi tag’in tuya go’shti eb ketayotgan ikkinchi ilmiy ishi – “Hozirgi o’zbek qissalari tipologiyasi”ni tezroq nihoyasiga etkazish kerakmi, yo aqalli endi asosiy muddao, pirovard maqsad – badiiy nasr bilan astoydilroq shug’ullangani ma’qulmi? Shu yilning ko’klamida ilmiy ishiga so’nggi nuqtani qo’yish niyatitda Toshkent ma’danli suvlar shifoxonasiga yotib, yigirma to’rt kunda ilmiy ish o’rniga “Surnay navolari” degan kattagina bir qissa yozib qaytdi. Unda o’sha ko’klam Yozuvchilar uyushmasida ro’y bergan jarayonlar “qiziq ustida” bastakorlar uyushmasiga ko’chirib o’tqazilgan, demakki, yosh bastakor va musiqashunos Ozod Ziyodovich Holiqovning bir insoniy qismati anchagina ma’joziy, tagdorgina qalamga olingan edi. Asarda ozodlik nafasi shundoqqina ufurib turgan edi. Qo’lyozmani “Yoshlik” jurnalining bosh muharrir o’rinbosari Murod Mansur o’qib qizg’in ma’qulladi, xuddi “Osmon to’la yulduzlar” kabi, buyuk G’afur G’ulom ijodidan, xususan, “Surnay” she’ridan olingan “Surnay navolari” nomiga nisbatan bevosita “Ozod” degan nom ostida e’lon qilishni ma’qulroq ko’rdi. R.Otaev, tabiiyki, bu jo’yali taklifga bajonidil rozi bo’ldi. SHu orada nasr bo’limining mudiri Erkin A’zam ta’tildan qaytib, qo’lyozmani SHuhrat Rizaevga taqriz qildiribdi-da, asarning yo’liga yaxshigina chim bosibdi. “Mohirona tadbir”dan xabar topib isyon ko’targan R. Otaevni tinchitishmi-tinchlantirish uchun yangi bosh muharrir Omon Matjon qo’lyozmani Tohir Malikka yana bir taqrizga berdi. Tohir Malik, aftidan, sixniyam, kabobniyam kuydirmaslik yoxud bo’ri ham to’q, qo’zichoq ham tirik bo’lishi uchun taqrizda yosh bastakor Ozod Holiqovning Farhod va Marjon degan o’g’il-qizlarini bexos yo’qotib qidirishiga bog’liq oilaviy mojarolardan butkul voz kechib, bastakorlar uyushmasidagi voqealarnigina qalamga olish tavsiya qilingan edi. Bu muallifga ma’qul kelmadi, albatta. Zotan, Farhodi bilan Marjonini qidirayotgan Ozodning ruhiy holati, ko’ngil mulki, ko’ngil bisoti – mana shu surnay navolari edi-da! Qissa qo’lyozmasi nasr bo’limining yangi mudiri G’affor Xotamning qo’lida uch yilcha avaylab saqlandi. To’rtinchi yilda Tohir Malik “Obbo, shu birgina qissani haliyam e’lon qilolmay sarsonmisiz? Mana, qanday hohlasangiz Shunday chiqaring!” deya himmat ko’rsatdi. Asar 1989 yil 2 sonda, nihoyat, e’lon qilindi. 1985-1989 yilarda roppa-rorsa to’rt yil R. Otaev nima qildi? Avvalo kimlardir insofga kelishini sabr-toqat bilan kutdi. Lekin qo’l qovushtirib, mudrab o’tiravermadi,albatta.. Tag’in nasrni qo’ya turib, avvalo badiiy tarjimaga, keyin tanqid bilan publitsistikaga zo’r berdi. To’lepbergen Qaipbergenovning “Qoraqalpoqnoma” roman-essesi va “Bobomga xatlar” badiasini – qoraqalpoq tilidan, eron adibi Muhammad Ali Jamolzodaning “Sho’robod” asarini – rus tilidan, qozoq adibi Muxtor Mag’avinning “Tiriklik qo’shig’i” qissasini - qozoq tilidan tarjima qildi. Ularning aksariyati jurnallarda peshma-pesh bosilib chiqdi ham. Zo’r asar vaqtincha dimiqsa dimiqadi, lekin o’lmaydi ekan, ulardan bittasi – “Tiriklik qo’shig’i” roppa-rosa o’n yildan keyingina 1998 yilda rahmatli Ozod Sharafiddinovning qizg’in qo’llab-quvvatlashi bilan “Jahon adabiyoti” jurnalida bosilib chiqdi. Ikkinchi nomzodlik ishidan ham uzil-kesil qo’lni yuvib qo’ltig’iga urganidan keyin, nazarida, qissadan kengroq maydonlarga yo’l ochilgandek bo’ldi. “Yoshlik” jurnalining 1986 yil 3-sonadi Odil Yoqubovning “Ko’hna dunyo” romani atroflicha estetik tahlil qilingan “Hikmatlar karvoni”, “Guliston” jurnalida 1986 yil “Yangilikning tug’ilishi”, “Zvezda Vostoka” jurnalining 1986 yil 6-sonida “Drujba Narodov” jurnali paysalga solgan “Gorizontы poiska: problematika i xarakter”, 1987 yilda “Adabiyot va san’at” jamoa to’plamida Odil Yoqubovning “Oqqushlar, oppoq qushlar” romani tahliliga bag’ishlangan “Epik tasvir va tahlil” maqolalari, yana boshqa ancha-muncha maqolalari va taqrizlari e’lon qilindi. Hatto G’affor Xotam va Abbos Saidning ijodiy izlanishlari, bolalar adabiyoti muammolari xususidagi rus tilida yozilgan “Za vse v otvete”, “Nachni s sebya” va boshqa maqolalari “Pravda Vostoka”, “Komsomolets Uzbekistana” kabi gazetalarda ham bosilib chiqdi. Endi o’ylab qarab gohida afsuslanasan kishi! Xayf ketgan vaqt-soat, kuch-g’ayrat, orzu-umidlar!.. Baxtiyor Nazarov Til va adabiyot institutining direktorligidan to Fanlar Akademiyasining vitse-prezidentligiga qadar qariyb yigirma yillik arboblik ishlarining o’rniga “G’afur G’ulom olami”dek tadqiqotlarning to’rtta-beshtasini qatorlashtirib qo’yganida-ku, naqadar go’zal ish bo’lar edi! Xuddi Shunday, R. Otaev ham o’tkinchi dunyolarga alahsimay, yiliga aqalli bitta “Surnay navolari”dek qissa yozib turganida!.. Yo’q, chinakam tanqid ham abadiyatga dahldor chinakam san’atdir. U hamisha umriboqiy asarlarga suyanibgina umriboqiylikka erishadi. Bu yillarda yozilgan behisob adabiy-tanqidiy maqolalar va taqrizlar orasida Odil Yoqubovning ikki o’lmas asari yangicha tahlil etilgan ikki maqolasining kelajagiga umid bilan qarasa bo’ladi. “Sharq yulduzi” jurnalining 1989 yil 1 sonida e’lon qilingan, Cho’lponning “Kecha va kunduz” romani tahliliga bag’ishlangan “Tong yulduzi shu’lalari” va o’sha yili “O’zAS” haftaligida e’lon qilingan, “Yorqinoy” dramasi tahlil qilingan “Tasavvur ziyosi” maqolalari, albatta, ularning yoniga qo’shila oladi. Ayniqsa, shu ikkita maqolani o’z vaqtida Umarali Normatov bilan Begali Qosimov, keyinchalik Dilmurod Quronov bilan Bahodir Karim kabi olimlar maqtab tilga oldilar, muallifning tanqidiy qarashlarini o’z vaqtida ham, o’n besh yildan keyin ham pisand qilgan olimlarga qulluq! Buyuk Cho’lpon asarlari, garchi Isrofilning suri bo’lmasa-da, har qalay, ne bir mudroq qalblarni ham uyg’otishga qodir ruhiy quvvatga ega ekan! 1989-1991 yillarda favqulodda bir shiddat bilan yozib tashlangan ko’pgina publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalari, hikoyalari hamda badialarining qanchalik pishiq-puxtaligiga qarab turib muallif ham gohida “Yopiray, shularni o’zim yozdimmi?” qabilidagi xayollarga boradi.Nachora,Navoiy bilan Pushkindan meros, har bir qalamkashning ko’nglida ozdir-ko’pdir muqarrar bo’ladigan tuyg’u bu!..Masalan, “Gap bilguncha ish bil” (“O’zbekiston ovozi”, 1989, 25 fevral), “Qalpoq bozori” (“Xalq so’zi”, 1990, yanvar), “Til va El Uli yoxud qaqragan tilga tiriklik suvi” (“Guliston”, 1990), “Qaldirg’ochning qayrilgan qanotlari” (“Yosh leninchi”, 1990), “Mantiq qani?” (“Muloqot”, 1992) publitsistik maqolalarini badiiy publitsistikani chinakam badiiy adabiyotga aylantirish yo’lidagi jiddiy tajribalar deyish mumkin. Bu davrda yozilgan yoxud avvalroq yozilib, nihoyat, e’lon qilingan “Shafqat” (O’zAS, 1989), “Munojot” (“Yosh leninchi”, 1990), “Otajon” (“Yoshlik”, 1991), “Otabosh” (“Guliston”, 1991) hikoyalari, “Tagor bilan suhbat” fantastik qissasi (“San’at”, 1990), “Qalbning etti iqlimi” turkumidagi “Hayrat”, “Muhabbat”, “Hurmat”, “Malomat”, “Nafrat”, “Da’vat”, “Hasrat” badialari ham kichik hajmdagi badiiy nasrning beshafqat vaqt hukmiga ro’yxushlik beravermaydigan anchagina pishiq-puxta namunalaridir. Bu asarlarning aksariyati “Otauli” taxallusi bilan e’lon qilingan. “Ota”, “Otaturk”, “Otaliq”, “Otabek”, “Otajon” emas, “Otauli”gina... Qirq yoshida “Otauli” bo’lgach, etti-sakkiz yillik quruqqo’llikdan bir qadar qutulib, tez orada ikki kitobni birin-ketin qo’li ko’rdi. 1990 yilda G’afur G’ulom nashriyotida atoqli qoraqalpoq adibi T.Qaipbergenovning “Qoraqalpoqnoma” roman-essesi R. Otaev tarjimasida kitob bo’lib bosilib chiqdi. 1991 yilning yozida – O’zbekiston davlat mustaqilligini qo’lga kiritgan tarixiy kun arafasida “Surnay navolari” qissalar va “Qalbning etti iqlimi” turkum badialar to’plami (“Yosh gvardiya”, Taqrizchilar: olim Mahmudjon Nurmatov va Yozuvchi SHodmon Otabek) nashr etildi. To’g’ri, rahmatli olim G’ulom G’afurov bilan birga G’afur G’ulom nashriyotida 10 bosma toboq hajmidagi “Fikr va so’z imkoniyati” degan bir adabiy-tanqidiy maqolalar to’plami chiqadigan bo’lib turuvdi. Hatto qalam haqi ham olinib, kitobning yorug’likka chiqishiga ruxsat ham beriluvdi. Qoraqalpoq tilidan tarjimami, qo’shni nashriyotdagi kitobimi, mazkur kitobdagi “yon qo’shnisi”mi, tub ildizini bilib bo’lmaydigan sabablarga ko’ra o’sha to’plam kitob bo’lib chiqmay qolib ketdi. O’sha-o’sha Otauli yigirma uch yildan buyon O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qilib, avvalo munaqqid sifatida eng shimarib ishlab, yuzlab tanqidiy maqolalar, obzorlar, taqrizlar, badialar yozib, o’zining adabiy-tanqidiy to’plamini ko’zi ko’rmadi. O’lmas Xo’ja Nasriddin afandimiz “Nasib qilsa eringman” deganidek, nasib qilsa, “Ruhiyat ehromi” deb nomlangan adabiy o’ylar kitobchasini shoyadki ko’rsa! Darvoqe, qo’llari bu masalada judayam quruqqina emas ekan! 1990 yilning boshida O’zbekiston Yozuvchilarining navbatdagi qurultoyiga tayyorgarlik ko’rilar ekan, o’sha vaqtdagi uyushma raisi Odil Yoqubov Do’rmondagi Yozuvchilarning Ijod uyiga taniqli bolalar shoiri va tarjimon Miraziz A’zam bilan R.Otaevni olib ketdi. Ikkovlon biror oyda “O’zbek adabiyoti 1985-1990 yillarda” degan bir kitobcha tayyorladilar. U ming nusxada nashr etildi va jamiki qurultoy qatnashchilariga tarqatildi. Kitobcha hajmining uchdan bir qismiga R.Otaevning o’zbek nasri, publitsistikasi, dramaturgiyasi va adabiy tanqidchiligi xususidagi nainki shaxsiy kuzatishlari, balki “Majolis un nafois”ga tatabbu tarzida yozilgan “Dag’al majlislari” va, umuman, qalb qo’ri yaxshigina to’kilgan. Garchi ratoprint usulida bosib chiqarilgan bo’lsa-da, o’n olti yilda muallifning o’zidek u qadar sarg’ayib-siniqib ketmagan, qiziqqonlar hozir ham bemalol qiziqib o’qishlari mumkin... Bu o’rinda aytsa bo’ladigan va aytmasa bo’lmaydigan tag’in qanday gap qoldi? “Otauli degan zahmatkashning zahmatkashi Yozuvchi, munaqqid, publitsist va tarjimon sifatida 1991 yildan keyingi o’n besh yil mobaynida nima karomat ko’rsatdi, xo’sh?” degan savolga javobgina qoldi, xolos. Otauli 1989 yilda – qirq yoshida boshlab, 1993 yilda – qirq to’rt yoshida (tasavvur ravshanroq bo’lishi uchun aytish mumkinki, Cho’lpon yoshida boshlab, Qodiriy yoshida) uch qism, besh yuz sahifadan iborat “Tilsim (Turkiston dostoni)” degan bir salmoqli asarini, nihoyat, yozib bitirdi. Odatda har bir qalamkashning bosh asari bo’ladi. Otaulining qirchillama qirq to’rt yoshida yozib bitirgan bu bosh asarida oddiy dehqon – Sobir qovunchi, hunarmand usta – Qodir uchar va ziyoli (tilshunos olim) Kenja Botir (Botir Zokirov) – shu uch og’a-ini botirlarning O’zbekiston davlat mustaqilligiga, aniqrog’i, davlat tili haqidagi qonunga kelish yo’li o’ziga xos tarzda yoritildi. Asarning 150 betlik bir qismi (“Qodir uchar qissasi”) 1994 yilda “Sharq yulduzi” jurnalining 12 sonida bosilib chiqdi va shu bir qismi 1995 yilda O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan “Alp Jamol” korporatsiyasi ta’sis etgan Alp Jamol mukofoti bilan taqdirlandi. Yana bir yuz betlik qismi (“Sobir qovunchi qissasi”) 1995 yilda “Yoshlik” jurnalining 3-4-sonlarida e’lon qilindi. Asosiy qism (Ikki yuz ellik bet hajmidagi “Kenja Botir qissasi”)dan ayrim parchalar “O’zbekiston ovozi”, “Qishloq hayoti”, “Muloqot”, “Toshkent oqshomi”, “Yosh kuch”, “Tong yulduzi”..., qo’ying-chi, qariyb barcha etakchi gazeta-jurnallarda bosilib chiqdi. Qo’lyozma to’la holda G’afur G’ulom nashriyotida naqd o’n uch yildan buyon qimirlamay turibdi. O’n uch yil badalida nashriyotga to’rttami-beshta direktor kelib ketdi. Alp Jamol mukofotini olgan qariyb barcha asarlar kitob bo’lib chiqdi. Ne bir suvlar oqib, ne bir daraxtlar kesildi. Odamzod Oyni qo’yib, Zuhro, Mushtariy, boshqa sayyoralarga chiqaman deb turibdi. Ne bir nashriyotlarda ne bir kitoblar jild-jild bo’lib chiqib yotibdi. Lekin bu keng dunyoga bittagina “Tilsim (Turkiston dostoni)” degan kitob hali-xanuz sig’may turibdi... “Kengga keng dunyo” deganlari shumi?!. O’shanda – 1994-1995 yillarda Otauli “Nachora, hajmi kattaroq ekan, bilmasdan qulochni kattaroq otib yuborganman shekilli, balki keyinroq sig’ib qolar” degan xayolda , albatta, yaxshi niyat va umid bilan bilganini qilaverdi. “Zora sig’ishiga yordam bersa” degan umidda qadim turkiy so’z-o’zaklarning tub lug’aviy ma’nolarini sharhlab, “So’z haqida so’z” degan jajji maqolachalar turkumini yozdi. Jami qirqtacha bu maqolachalarini gazeta-jurnallarda birin-ketin e’lon qildi. Ayni chog’da, “Xudo xohlasa , endi shunisi bemalol sig’adi” deya, tag’in buyuk G’afur G’ulomdan nom-nishon olib, ikki yuz ellik bet hajmidagi “Afandi o’lmaydigan bo’ldi” degan yangi nasriy doston yozdi va uni 1997 yilda tamomladi. Ora-churada Odil Yoqubovning “Ulug’bek xazinasi” va “Diyonat” romanlarini o’zicha tahlil qilib, “Ma’rifat va ma’naviyat mash’ali” degan ellik betlik bir tanqidiy risola yozdi. Bu ikki shoh asar haqida aytilmagan gap qolmadi xisob, aytish ishtiyoqidagilar esa behisob, binobarin, risolani hozircha zahirada ushlab turish mumkin, raqobatchini ko’paytirishning keragi yo’q!. Lekin zamonamizning Xo’ja Nasriddin afandisi - Nasriddin Latifiddinovich Xo’janazarov degan bir elshunos olimning ajoyib – g’aroyib sarguzashtlari anchagina maroqli va o’ynoqi qalamga olingan “Elchi (Afandi o’lmaydigan bo’ldi)” dostonini qaerga butun holda sig’dirish mumkin?.. Atoqli qoraqalpoq adibi T. Qaipbergenov asarga uch jumla “fatvo” yozib berib, uning qoq yarmini 1998 yilda “Yoshlik” jurnaliga sig’dirishga katta yordam va qiyomatga qadar unutilmas himmat ko’rsatdi. Qaytmasning qaysarligidan qo’rqqulik ekan, 1998 yilda bir tomonda “Endi shunisi aniq-tiniq va bus-butun sig’adi!” deya atigi ellik betlik “Ulus (Forobiyning do’sti)” degan, hoynahoy, olamdagi eng qisqa nasriy dostonni yozdi. Bu ulug’ faylasuf haqida qachonlardir nimadir yozish o’ttiz yilik orzusi edi, har kimning o’z suyanar tog’i va topinar mozori bor, bir g’arib faylasuf Yozuvchiga bir suyanar tog’ Forobiycha bo’ladi-da, axir! Asarda payg’ambar yoshida suyukli shogirdi Said Ali va yolg’iz o’g’li Nasriddinni ota yurtiga ziyoratga olib kelayotgan buyuk allomaning Toshkent shahridagi bir ko’cha, bir kechada ko’rgan-kechirganlari va qoraxoniylar saltanatining asoschisi Bug’roxon bilan suhbati qalamga olingan edi... YAna bir tomonda butun Turkiston Elining fe’l-atvoriga eng go’zal timsol badiiy gavdalantirilgan “Elchi” ga sig’may qolgan fikrlarini jamlab, “Elning fe’li” degan tag’in bir jajji maqolachalar turkumini yozdi va ularni peshma-pesh e’lon qilishga tushdi. Asosiy niyat va pirovard maqsad har qanday odamga tushunarli edi, albatta: “Tilsim (Turkiston dostoni)”-ku, baayni kalla-pocha bo’lib turibdi, nachora, shoyadki shu O’lmas Afandi o’n bosma toboq hajmidagi bir kitob bo’lib chiqsa!” Hoh ishoning, hoh ishonmang, avvalo shu niyatda bir paytlar boshlagan ishini ham so’nggi nuqtaga etkazib, “Tengdoshlar tengdoshlar haqida” ruknida “Elning fe’li Erkin A’zam nasrida” degan ellik betlik bir tanqidiy risola ham tayyorladi. Hatto har ikki turkumdagi maqolachalarini shu risolaga qo’shib,”Ko’zlarga to’tiyo so’zlar” degan yana bir rosmana kitob qo’lyozmasiga ham tartib berdi. Xo’sh, bunisini qay bir azamat himmat ko’rsatib nashr qiladi endi?.. To’g’ri, 1997 yilda – olti yil deganda qo’li , nihoyat, tag’in bir kitob ko’rmadi emas, ko’rdi. T. Qaipbergenovning “Qoraqalpoqnoma” roman-essesi, “Sharq” kontsernida qayta nashr etildi. Bu kitob sifati qaragan odamning suqi kiradigan kitobmisan kitob edi! Lekin tarjima ming qayta nashr etilmasin, baribir, tarjima, aslida birovning mulki-da! 1998-1999-yillarda “Jahon adabiyoti” jurnalida yana ikkita asar qozoq tilidan tarjima sifatida e’lon qilindi. Avval, yuqorida aytilganidek, Muxtor Mag’avinning “Tiriklik qo’shig’i” qissasi o’n yil deganda, nihoyat, yorug’lik ko’rdi. So’ngra Abish Kekilboevning “Poygato’riq” qissasi jurnal buyurtmasiga binoan to’xtovsiz tarjima va e’lon qilindi. Bular ham bizga zamondosh peshqadam qozoq adiblarining havas qilsa arzigulik kiroyi asarlari, albatta... Lekin ularning ham muallifi R. Otaev emas-da! O’zining “Elchi” va “Ulus” asarlarini butun holda, bir kitobcha sifatida qachon qaerda qanday chiqarish mumkin? Yo’l qidirib, 1999 yilning boshlarida 1998 yil mobaynida bosilib chiqqan jami sakkizta romanni batafsil tahlil qilib, “O’tayotgan kunlar nafasi” degan bir obzor yozdi. Unda, jumladan, “Nega O’zbekiston davlat mustaqilligining o’tgan etti yilida zamonaviy mavzuda aqalli bironta roman yo’q?” degan savolni avvalo Yozuvchilarning umumiy bir mashvaratida, keyin matbuotda jiddiy tarzda o’rtaga qo’ydi. Ayni shu ko’ndalang savol hal qiluvchi turtki bo’ldimi, qaydam, oradan salgina o’tib, “Elchi (Afandi o’lmaydigan bo’ldi)” asari axiyri bir butun holda kitob bo’lib chiqdi! Kitobning namuna nusxasini qo’liga olib turib, “Sharq” NMAKning o’sha paytdagi bosh muharriri Bobur Alimov Otaulini koyidi: “Rassomga aytsangiz bo’lmaydimi, Rahim aka, ismingiz-familiyangizni ko’zga ko’rinadiganroq qilib yozmaydimi, muncha mayda!” Otaulining yuragi to’liqdi: “Afandi bilan Qaipbergenovning haqqi-hurmati shu kitobning Shunday chiqqaniga shukur, sizlarga rahmat!” Afandidan ko’ngli to’lib, o’sha yili ming yillik to’yi keng nishonlanayotgan “Alpomish” dostonining birinchi marta to’la holda nashr etilgan nusxasini go’zal bir kitob va bebaho bir sovg’a sifatida birinchi ustozi To’ra Mirzaevning shaxsan o’z qo’lidan oldi. Shunday kitob!.. Bu shoh asarning ilk nashriga Hamid Olimjon yozgan mashhur so’zboshidan keyin, aytish mumkinki, birinchi marotaba uni batafsil estetik tahlil qilib, “Xalqning o’lmas dahosi” degan 90 betlik bir esse – badia yozdi. Badiani respubilka radiosida besh-olti qismga bo’lib o’zi o’qidi. Lekin bu asar ham aqalli bironta jurnalga sig’may va yo alohida bir kitobcha sifatida nashr etilmay qolib ketdi. “Alpomish”ni ham qo’ya turib, tag’in “Forobiy”ga qaytdi: “SHu atigi ellik betlik “Ulus”ni qanday yorug’likka olib chiqish mumkin?.. Yo’l qidirib diltortari T. Qaipbergenovga yuragini yordi. Katta adib o’qib chiqib, tabriklab, fe’liga yarashadigan himmat ko’rsatdi: “Kel, inichak, bu asaringga ham bir nima yozib beray, “qoraxoniy” bilan “qoraqalpoq” so’zlarining o’zagi bitta, axir!.”. Otaulining tag’in yuragi to’liqdi: “Siz “Afandi...”ga fatvo berib hech bir o’zbek qilmagan ishni qildingiz, og’a! SHu yaxshiligingizni ham, manovi tantiligingizni ham to qiyomatgacha unutmayman. Endi Forobiyning qadriga etadigan biron o’zbek adibi topilib qolar!..” “Unda sen maydalashib o’tirmay, bu asaringga So’zni Abdulladan ol, inichak! Bo’shashma, tortinma!” Otauli – jur’at, Oripov – himmat ko’rsatib, “Ulus (Forobiyning do’sti)” “Sharq yulduzi” jurnalining 2000 yil 2-sonida bosilib chiqdi! Qisqarmay, bo’linmay! Bu Otauli uchun qo’shaloq bayram bo’ldi. Birinchidan, “Ulus” o’zbek adabiyotining 1050 yillik tarixida Abu Nasr Forobiy haqida yozilgan yagona badiiy asar! Ikkinchidan, Abdulla Oripovning bu asarga yozgan So’zi Otauli ijodi haqida o’zbek tilida alohida aytilgan yagona So’z!.. Lekin Otaulining quvonchi ko’pga cho’zilmadi. “Elchi” kitobi xususida biror yil mobaynida biron Yozuvchi va yo olimning matbuotda lom-mim demagani, aqalli haftalikda “Shunday bir kitob chiqdi” deya “Doimiy hamroh” ruknida ne bir kitoblarga berilgan xabar ravo ko’rilmagani ham mayli. (Aytish kerak, atoqli adibimiz Pirimqul Qodirovning respublika matbuot agentligida o’tkazilgan ulkan bir mashvaratda “Elchi” kitobini qo’lida ushlab turib, “Prezidentimiz talab qilayotgan zamonaviy mavzudagi asar yo’q emas, bor, mana!” deya hayajonlanib aytgan gaplari oradan ikki yilcha o’tib, 2001 yilda aytildi, lekin matbuotda o’z ifodasini avval ham, keyin ham topmadi). Eng taajjublanarli joyi shunda ediki, “Ulus” asari xususida o’sha 2000 yilda “O’zAS” haftaligida professor Sanjar Sodiqning “Dostonmi yoki bashorat?” degan feletonnamo maqolasi hech bir moneliklarsiz lopillab chiqib qolsa bo’ladimi! Mazkur maqolaning nomiyoq mantiqdan batamom holi edi. (“Dostonmi yoki hikoya?” yoxud “Bashoratmi yoki xomxayol?” deyilsa, balki mantiqli savol bo’larmidi!) Maqolaning o’zi esa, “Doston nasrda ham yoziladimi, ajab-ajab” qabilidagi bilib turib atayin anqovsirashga o’xshaydi... Endi nima qilsa bo’ladi? Avvaliga dostonning nimaligiyu uning qanday turlari borligini tushuntirishga o’zicha urinib, “Sharq eposi” degan bir raddiya tarzidagi maqola yozdi. Uni yorug’likka olib chiqolmagach, o’ylab qoldi: filologiya fanlari doktori, professorga nasriy doston ham borligini isbotlash kerakmi? Umuman, bilib turib suvga haliginday qilayotgan “oxirzamon olimlari”ga nimani qay tarzda isbotlay olasiz? Xudodan ularga insof so’rashdan boshqa ne chora bor!.. Yuragini o’rtab yuborayotgan minglab savollardan bittaginasini Abdulla Oripovning oldiga ko’ndalang qo’yishdan o’zini to’xtatib qololmadi:”Mayli, roppa-rosa bir ming ellik yil avval o’lib ketgan Forobiy bilan meni yuz-xotir qilishmasin, aqalli Sizning So’zingizni yuz-xotir qilishmaydimi, tushunmadim?..” Daho shoir ko’ndalang savolga javoban shiddat bilan guvranib Shunday bir yuz ifodasini zohir qildiki, uni sharhlashga jahondagi jamiki tillar ham, qalamlar ham ojizdek... Har qalay, bu ifodada “Parvo qilmang, lekin beparvoyam bo’lmang” qabilidagi ko’pni ko’rgan donishmandning unsiz taskin-tasallisi, daldasi, ogohlikka undashini tuygandek bo’ldi... Otauli zahmatkash bo’lganidan keyin odatdagidek asosiy ishidan qolmadi, albatta. Avvaliga buyuk mutafakkirimiz Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoniga o’ziga xos tatabbu tarzidagi bor-yo’g’i besh sahifadan iborat “Haddi Iskandariy” degan bir tarixiy hikoya yozdi. U o’sha 2000 yilning oxirida “Yozuvchi” gazetasida bosilib chiqdi. Asar zamiridan tushungan odamga avvalo ikkita gapning uchi chiqib turar edi: “Mana, ko’rib qo’ying, doston emas, tarixiy hikoya bu!”, “Agar Iskandar bo’lsangiz ham haddingizdan oshmang, iltimos, jon aka, insof qiling!”.. So’ngra biror yil ichida favqulodda bir shiddat bilan qalam tebratib, “Zamona zayli” degan yangi bir dostonini 2001 yilning ohirida, nihoyat, yozib bitirdi. Asar ikki yildan keyin – 2003 yila “Sharq yulduzi” jurnalida (O’zbekiston matbuoti tarixidagi eng mayda harflarda!) bosilib chiqdi. SHu ikki yil va, umuman, keyingi besh yil mobaynida, tabiiyki, Otauli yozmasa bo’lmaydigan vaziyatlarda ancha-muncha yangi asarlar yozdi. Masalan, “Hisobot”,”Tabiatshunos”, “Tomosha” hikoyalari, “Ruhiyat ehromi” turkumidagi beshta maqola... Ayni chog’da, “Mana, o’zbek Freydi!” desa degudek bir ruhshunos olim, fidoyi zamondoshimiz haqidagi yangi, beshinchi nasriy dostonini yozib bitirish arafasida.... Otauli bundan uch yilcha avval “Zamona zayli” va “Ulus” asarlariga turli yillarda yozilgan eng sara hikoyalari va badialarini qo’shib, o’z ijodi xususida nisbatan yaqqolroq tasavvur hosil qila oladigan, qo’lga ilinguli bir kitob qo’lyozmasini tayyorlab, “Sharq” nashriyotiga topshirgan edi. Uch yildan buyon shu kitobni chiqarish umidida butun shahri azim, butun mamlakatda xolis yordam qo’lini cho’zadigan bir sherimard qidirib izilladi, ne bir sovuqqon kimsalardan yordam so’rab, himmat so’rab, insof so’rab yalinib-yolvormadi!.. Ochig’i, bunisi qisqagina tarjimai holga emas, “Turkiston dostoni”dan kattaroq dostongayam sig’maydi! Rivoyat qilishlaricha, rahmatli Mirtemir domla XX asr o’zbek she’riyatining eng go’zal namunalaridan biri – “Onaginam” she’rini oltmish yosh ostonasida Yozuvchilar uyushmasidagi ne bir shoirlar qatnashayotgan katta bir mashvaratda o’qib berib, “Aytingizlar-chi, shu she’rni e’lon qilish mumkinmi?..” deya hokisorlik bilan elangan ekan. Otauli Mirtemir domlaning shu bir holatiga havas va taqlid qilmaydi, albatta. Faqat O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining ijodiy xodimi sifatida Mirtemir domladan qariyb ikki baravar ko’proq – yigirma uch yildan buyon ishlab kelayotgan va shu kecha-kunduzda “Insof” dagan beshinchi dostonini yozayotgan bir qalamkash sifatida insof so’ramoqchi, xolos: “Qariyb qirq yildan buyon to’rt-besh yo’nalishda astoydil mehnat qilib kelayotgan bir qalam zahmatkashi o’zgalardek jild-jild saylanmalar emas, atigi bittagina qalin muqovali qo’lga ilingudek sifatli kitobini oltmish yosh ostonasida ko’zi ko’rib, qo’liga ushlay oladimi?! Qaylardasan, jannatiy insof?!” IZOH (Ohning izidan oh): Mazkur tarjimai hol “Ruhiyat ehromi” turkumini yakunlovchi maqola bo’lib, turkumdagi dastlabki uchta maqola “O’zAS” va “Mohiyat” haftaliklari bilan “Yoshlik” jurnalida e’lon qilingan. Yana ikkitasi “Guliston” va “Muloqot” jurnallarida e’lon qilishga tayyorlanmoqda. Xalqimizda “O’zing uchun o’l, etim” degan hikmatli gap bor. Jahondagi eng achchiq zaharxandali maqol bu! “SHum bola”dek shoh asar yaqqol dalolat berib turibdiki, etim aslida o’zi uchun o’lmaydi, balki aksincha jon-jahdi bilan yashash uchun kurashadi. Bunday kurash usullaridan biri, ma’lumki, o’z-o’ziga xizmat hisoblanadi.. Hozirgi adabiyotimizda o’z-o’ziga xizmatning turlari tobora ko’payib bormoqda... Shulardan bittaginasini Sizning e’tiboringizga havola qilib, Yozuvchi Otaulining tarjimai holini oq qog’ozga ko’chiruvchi tarjimon, publitsist va munaqqid - Rahimjon Otaev
[tahrir] Haddi Iskandariy
...Iskandar avval yonidagi a’yonlariga, keyin ortidagi qo’shiniga bir sidra ko’z tashladi:
- Biz… yer yuzida haq va adolatni qaror toptirish azmidagi yaxshi odamlarmiz!.. Sizlarga ham olib keldik!
- Nimani "olib keldik?"
- Haq bilan adolatni-da!
Nuroniy otaxon endi soqolini tutamlab bir muddat sukutga toldi-da, shuncha yo’l yurib… Bular o’zimizda ham
yetarli edi-ku! Bizda yo’q narsalarni olib kelsangizlar ekan! Yo… sizdek adolatpeshaning topgan-tutgani anovi…
nayza bilan qilichmi?!..
[tahrir] Ruhiyat ehromi
...O'zbek xalqi ham tashqi tabiat, ham ichki tabiat - ruhiyat nuqtai nazaridan xudo yorlaqagan, kamyob xazinalar va noyob iste'dodlarga boy xalqlardan biridir. Bu xalqning kamyobligi-yu noyobligi avvalo shundaki, u jahondagi jamiki turkiy xalqlarning uch qadimiy ildizi (qarluq, o'g'iz, qipchoq)ni o'zida birlashtirgan tom ma'nodagi o'zbek - Turk Otaning O'z Begidir. Ma'lumki, hozirgi uyg'ur xalqi - qarluqlarning, turkman, ozorbayjon va usmonli turklar - o'g'izlarning, qozoq, qirg'iz, qoraqalpoq, tatar, boshqird, no'g'oy, mojor (venger)lar - qipchoqlarning avlodlari hisoblanadi. Jahondagi jamiki turkiy xalqlardan faqatgina o'zbek xalqi, tag'in takrorlaymiz, shu uchala ildizdan kuch-quvvat olib o'sib-ungandir. O'z paytida o'zbek xalqining uch xonlika parchalangani bejiz emas edi. Bu bo'linish uch tarixiy ildizning o'ziga xos tarzda zuhur ko'rsatishi edi, zotan qadim-qadimdan Farg'ona vodiysida - qarluq o'zbeklari, Xorazm vohasida - o'g'iz o'zbeklari, Zarafshon, Qashqa va Surxon vohalarida esa, qipchoq o'zbeklari yashaganlar. Tarixda bu uch o'zbek - o'zbekning, umuman, turkning bu uch ildizi birlashib, o'z tevaragida boshqa turkiy xalqlarni birlashtirib, qudratli markazlashgan davlat barpo eta olganida... O'zbekiston davlat madhiyasida go'zal va haqqoniy madh etilganidek, darhaqiqat, "Ulug' xalq qudrati jo'sh urgan zamon, Olamni mahliyo aylagan diyor..."...
[tahrir] Tilsim
...Be-e! Aldab-laqillatish uchun anoyingni topgan ekansan! Sen-ku, o’n yetti yashar qizaloqsan, o’sha qo’mondon otang shoxida yursa, bilib qo’yki, akang qarag’ay bargida yura oladiganlar xilidan, oyimtilla! Cho’pchagingni o’zingning Ivanushka durachogingga aytasan. Lekin sir boy bermadi...
[tahrir] Zamona zayli
O'g'lining gaplarini tinglab, uning dunyoqarashidan - dunyoga ochiq ko'z bilan kengroq qarashidan ko'ngli to'ldi. Xudo xohlasa, tag'in o'ttiz yildan keyin - uning yoshida o'zi kitob bilan zabt etolmagan jahonni o'g'li hisîb bilan zabt etsa ehtimol! Faqat bu dunyoqarashni kerakli tomonga to'g'ri yo'naltira olsa bas!.. "Nyu-York, Mexiko, Tokio, Bombey kabi yirik shaharlarda butun O'zbekiston fuqarolariga barobar aholi qanday qilib yashab turibdi? Yapon xalqiga O'zbekiston hududidan kichikroq, tabiiy boyliklari haminqadar zaminda son jihatidan o'zbek xalqidan qariyb o'n barobar ko'proq bo'lib yashagan holda "yapon mo'jizasi"ni jahonning ko'ziga ko'rsatishga imkon bergan asosiy kuch nimada?"... Darsdan bo'sh paytlaringda shunday jahonshumul masalalarga ham o'zingcha javob topsang yomon bo'lmasdi, o'g'lim!
Ikkinchi yil yozgi ta'tilga kelganida o'g'li bu masalalarning mohiyatiga ham yetib bora boshlaganini ayon ko'rsatdi: "Aytsam ishonmaysiz, ada, Amerikada ota-onalar o'z farzandlarini bolaligidanoq mustaqillikka - mustaqil hayotga o'rgatar ekanlar! Yonimdagi hamxonam Jeyson mendan ikki yosh kichik, lekin ham o'qib, ham ishlaydi, mustaqil yashaydi. O'zining shaxsiy kompyuteri, mashinasi bîr! Evropa mamlakatlarini bir sidra sayohat qilib chiqqan! Hammasiga o'zi o'z kuchi bilan erishgan! Yaponlar ham, nemislar ham, frantsuzlar ham, jamiki taraqqiy etgan xalqlar ham shunday: bolaligidanoq mustaqil hayotga o'rgatiladi! Bizada bo'lsa aksariyat otalar o'g'ilning qo'lini mahkam ushlab olgan - qo'yib yubormaydi! O'g'li o'ttizga kirib, o'zi ota bo'lsa ham, unga "Bola-da!" deb qaraydi! Menimcha, hamma balo shunday qarashlarda, ada!"
Bu maqola Oʻzbek tili tipografik qoidalariga muvofiq yozilgan. |
|
Ўз |
Iltimos Oʻzbek tili tipografik qoidalariga eʻtibor bering. Bu maqolada hamma ' va ` belgilari toʻgri belgilar bilan ʼ va ʻ) almashtirilgan. |
Bu sahifa O`zbek vikipediya rivojlanishi birinchi bosqichinidan o`tgan. |
|
Agar siz ushbu maqola sifatidan mamnunn bo`lmasangiz, Vikipedia: Birinchi bosqich betida fikrlaringizni yozib qoldiring. |